Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat'iy choralar ko'rilmoqda. Shifokorlarimiz esa ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni samarali davolash yo'lida kecha-yu kunduz jonkuyarlik bilan mehnat qilishmoqda.
Jumladan, poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ilk bor koronavirus infeksiyasiga chalingan 10 nafar bemor butkul sog'aydi. Sog'ayganlar Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Sog'aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 7 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Samarqand viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari joriy yil 28 mart kuni charter reys orqali Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan sakkiz nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo'lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo'lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so'nggi tekshiruvlar ularning xastalikdan butkul forig' bo'lganini ko'rsatdi. Ushbu jarayonda mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o'ynadi.
Muhimi, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari boshiga tushgan ulkan sinov bo'lib turgan bir vaziyatda aholining qiyinchiliklarni birdamlik bilan yengishga harakat qilishayotgani barobarida, tibbiyot xodimlarining matonati va fidoyiligi alohida e'tiborga molik. Ular koronavirus infeksiyasini samarali davlash mumkinligini takror va takror isbotlashmoqda.
Ayni paytda qadar mamlakatimiz bo'ylab koronavirus infeksiyasidan jami 99 nafar bemor to'liq sog'aydi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi