Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i Shuxrat Sotvoldiyev, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Gaziyev, Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov boshchiligida sektor rahbarlari, tuman hokimining keksalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hasan Rahmatovlar tumanning Pakandi mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Jo‘ra bobo Yodgorovning xonadonida bo‘ldi.
Faxriy jangchi bilan choy ustida suhbat qurgan mehmonlar otaxonning umr yo‘llari aks etgan fotoalbomlarni ko‘zdan kechirar ekan, tarixga aylangan o‘sha mashum yillarni hikoya qilib bergan Jo‘ra boboning so‘zlariga quloq tutishdi. Tuman hokimi urush qatnashchisiga Prezidentimizning Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va oila a’zolarini bayram bilan tabrikladi. Otaxonga bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Shuningdek, otaxon viloyat hamda tuman hokimligi tomonidan ham alohida rag‘batlantirildi. Chiroqchilik urush qatnashchisi Jo‘ra bobo Yodgorov 98 yoshni qarshi oldi. Ayni bayram kunlari Jo‘ra boboni xonadoni qavm-qarindosh va hol so‘rab keluvchi rahbarlar bilan gavjum bo‘ladi.
Farzandlari turli soha mutaxassislari bo‘lib yetishgan. Nabira va chevaralari esa Jo‘ra boboni uylarining fayzi deb bilib, boboning tashrifini orziqib kutadilar. Davralar u kishi bilan yanada fayzli.
Qahramon otaxon xonadonida bir piyola choy ustida bo‘lgan suhbat davomida Jo‘ra bobo Yodgorov dorilomon kunlar, davlatimiz, Prezidentimiz, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan benihoya mamnun ekanligini izhor etdi. Bayramlarda nuroniylar, ehtiyojmand, bemorlar holidan xabar olish eng qadrli fazilatlarimizdandir, - deydi tuman hokimi otaxon bilan bo‘lgan suhbatda.