Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O'zbekistonga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hali barqarorlashmaganligi, qolaversa, dunyo bo'yicha koronavirus infeksiyasining tarqalishi ortayotgani tufayli Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi orqali kiritilgan cheklov choralarini saqlab turish maqsadga muvofiqligi bayon etilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida hozirga qadar joriy etilgan barcha cheklovlarning 2020 yilning 10 mayiga qadar uzaytirganligidan kelib chiqib, quyidagilar ma'lum qilinadi:
Xorijiy fuqarolarga berilgan viza muddatlari joriy yilning 1 iyungacha avtomatik tarzda uzaytirildi.
Nooziq-ovqat buyumlar (kiyim-kechak, xo'jalik mollari, ko'chatlar, urug'lar) savdosiga sayyor savdo nuqtalari orqali sanitariya-gigiyena talablariga to'liq rioya qilingan holda tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijtimoiy masofa (2 metr) saqlanishi hamda boshqa sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi majburiydir.
Karantin davrida muddati tugaydigan barcha ruxsat berish xususiyatiga ega bo'lgan hujjatlar (litsenziya va ruxsatnomalar) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning (fuqarolik pasporti, O'zbekistonda yashash ruxsatnomasi), avtotransport vositalari uchun talab qilinadigan hujjatlar (sug'urta polisi, transportni boshqarish uchun ishonchnoma, transport vositasini (qayta) ro'yxatdan o'tkazganlikni hamda texnik ko'rikdan o'tganligini tasdiqlovchi hujjatlar) amal qilish muddati 2020 yil 1 iyulga qadar uzaytiriladi. Ularning muddati o'tganligi munosabati bilan javobgarlik va boshqa choralar qo'llanilmaydi.
Karantin davrida faqatgina bank plastik kartalariga o'tkazish tartibi belgilanganligini inobatga olgan holda, pensionerlarning plastik kartalaridagi operatsiyalar uchun komission to'lovlarni undirmaslik tartibi joriy etiladi.
Elektron raqamli imzo kalitini masofadan turib olish mexanizmi joriy etiladi.
Yetkazib berish xizmatini ko'rsatuvchi litsenziyasiga ega bo'lgan, yo'nalishsiz taksilar haydovchilari “maxsus kombenizon” (shaxsiy ximoya kiyimi), tibbiy qo'lqop va niqoblarda faoliyat olib borishi lozim.
Yo'lovchi tashish faoliyati bilan bog'liq barcha litsenziyalar bo'yicha ariza qabul qilish va litsenziyalarni ko'rib chiqish va berish 2020 yil 10 maygacha qadar vaqtincha to'xtatiladi.
Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablariga rioya qilgan holda hududdiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020 yil 1 sentyabrga qadar koronovirus infeksiyasini laborator tekshirish bo'yicha pullik tibbiy xizmat ko'rsatishlariga ruxsat beriladi.
Shuningdek, respublika hududlarida faoliyat ko'rsatuvchi dexqon bozorlarida dizenfeksion holatni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo'shimcha choralar belgilanmoqda.
Xususan, dehqon bozorlarida, shu jumladan bozor hududidan tashqarida joylashgan yirik oziq-ovqat do'konlarida savdo ijtimoiy masofa (2 metr) saqlagan holda “zigzag” tartibi (quvurlar, bantlar va boshqa shu kabi to'siqlar orqali) tashkil etiladi.
Har bir bozorga kirishda “dezinfeksiya tunneli” va “sanitariya post”lari, dezinfeksiya guruhlari tashkil etilib, ular bozor hududida karantin choralari talablariga rioya etilishini ta'minlab boradi.
Yuqorida bayon etilgan tartiblar bir tomondan koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olishga, boshqa tomondan esa karantin davrida fuqarolarimizning sog'lig'i hamda ijtimoiy muhofazasini qat'iy ta'minlashga qaratilganligi bilan e'tiborlidir.
Fuqarolarimizdan ushbu tartiblarga ongli ravishda, vaziyatni to'g'ri tushunib, og'ishmay amal qilishlarini so'raymiz.