Chiroqchi tumanida "Qoraburug‘" xususiy maktabi ish boshladi. Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, sohada xususiy sektorga keng o‘rin berilayotgani ta’lim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirkor Dilshod Karimov tomonidan tashkil etilgan xususiy maktab, tijorat bankining 1.8 mlrd so‘mlik krediti hamda tadbirkorning 2.2 mlrd so‘mlik mablag‘i evaziga barpo etilgan "Qoraburug‘" xususiy maktabida ham barcha qulayliklar yaratilgan. Ta’lim muassasasiga sinov yo‘li bilan malakali mutaxassislar tanlab olindi. Har bir sinf xonasi o‘quvchilar uchun yakka tartibdagi stol-stullar, elektron doska va boshqa o‘quv-ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlandi.– Muassasamizda eng ilg‘or ta’lim uslublari orqali aniq fanlar va ingliz tilini o‘rgatish, ta’lim berish jarayonida zamonaviy texnologiyalarni, rivojlangan mamlakatlar ta’lim dasturlarini joriy etish imkoniyati mavjud, – deydi maktab direktori Gulnoza Botirova. – Bu yil 5- va 10-sinflarning har biriga 22 nafardan o‘quvchi qabul qilindi. O‘quvchilarning ovqatlanishi, ayniqsa, bo‘sh vaqtida maktab ichkarisida hordiq chiqarishi, sport bilan shug‘ullanishi, tadbirlar o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar bor. Maktab shifokori o‘quvchilarning salomatligini doimiy nazorat qilib boradi. O‘quvchilarga tushlikda issiq ovqat beriladi. Muassasaning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Fayzulla Yusupov so‘zga chiqib, yangi maktab imkoniyatlari, umuman, yosh avlodga ta’lim berishda nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish va ular faoliyatini rivojlantirish borasidagi bugungi ishlar xususida to‘xtaldi.Tadbir ishtirokchilari mazkur maktabda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishdi.Mazkur maktab hozirda 220 nafar o‘quvchi qabul qilish imkoniga ega. Muassasa eng zamonaviy o‘quv qurollari va jihozlari, multimedia vositalari bilan ta’minlangan. Darslar oliy toifali o‘qituvchilar tomonidan o‘tiladi. Shuningdek, muassasaga chet ellik o‘qituvchilar jalb etilgan.“Qoraburug‘” xususiy maktabiga o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinib, ular ingliz tili, matematika va mantiqiy fikrlashda bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.