O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi talablariga asosan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha ijrochi buyurtmachining topshirig‘i bilan ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq to‘lash majburiyatini olishi belgilangan.
Fuqarolik kodeksida belgilangan qoidalari ko‘ra, xizmat ko‘rsatish shartnomasi aloqa xizmati, tibbiyot, veterinariya, auditorlik, maslahat, axborot xizmatlari, ta’lim berish, sayyohlik xizmati va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shartnomalariga tatbiq etiladi.

Buyurtmachi o‘ziga ko‘rsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda va tartibda to‘lashi shart.
Ijrochi o‘zi aybdor bo‘lmagani holda xizmatni bajara olmagan taqdirda buyurtmachi ijrochiga uning xarajatlarini to‘lashi shart, bunda ijrochining xizmat (xizmatlar) ko‘rsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin bo‘lgan foydasi chegirib qolinadi. Buyurtmachining aybi bilan xizmatni bajarish mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmatlar bahosi butunlay to‘lanishi kerak.
Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini buzganlik uchun ijrochining javobgarligi belgilangan bo‘lib, jumladan ijrochi haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom to‘lashi shart, lekin bu to‘lov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.
Fuqarolik kodeksida haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilish asoslari ham belgilangan bo‘lib, buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom to‘lash sharti bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno.
Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini to‘lash sharti bilangina haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.
U.Latipov,
Chiroqchi tumanlararo iqtisodiy sudi raisi,