Chiroqchi tumanining Chorshanba mahallasida “Odamlar va hayvonlar oʻrtasida quturish kasalligi tarqalishini oldini olishda FVDqT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari”ga bagʻishlangan koʻrgazmali maxsus-taktik oʻquv mashqi oʻtkazildi. Chiroqchi tumani mezbonligida oʻtgan seminarda viloyatning Kitob, Shahrisabz shahri va tumani, Yakkabogʻ, Gʻuzor, Dehqonobod, Qamashi va Koʻkdala tumanlari hamkor tashkilotlari ishtirok etishdi.
Oʻquv mashqi 2 bosqichda (nazariy va amaliy) amalga oshirildi. Oʻquv mashqning nazariy qismida Favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi boʻlim boshligʻi A. Asadullayev, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi Qoʻmitasi viloyat boshqarmasi laboratoriya mudiri Sh.Nomozov, viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mutaxassisi S.Mamadiyorov tomonidan fuqarolarga quturish kasalligining kelib chiqishi, kasallik belgilari, yuqish yoʻllari, kasallik oqibatlari toʻgʻrisida maʼruzalar qilindi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bogʻliq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 202-sonli Qarorini joylarda ijrosini taʼminlashda mavjud kamchiliklar, yutuqlar va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi va tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan aniq javoblar oldi.
Oʻquv mashqining amaliy qismida Obodonlashtirish boshqarmalari it ovlash boʻlimi maxsus texnikalari va asbob-anjomlari koʻrigi oʻtkazildi. Shundan soʻng tajribali xodimlar tomonidan daydi itlarni tutishda talab etiladigan xavfsizlik qoidalari, itlarni tutish usullari, zaharlovchi xoʻraklar, ularning turlari va tayyorlanish usullari amaliy tarzda namoyish qilindi. Guruhli tishlanishlardan jabrlangan fuqaroning tuman tibbiyot birlashmasiga murojaati va tibbiyot xodimlarining harakatlari amaliy tarzda oʻtkazildi.



