Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani "Qahramon" mahallasida istiqomat qilayotgan fuqaro "Bo‘ronjuz ilg‘ori" fermer xo‘jaligi rahbari Nasiba Xolbutayevaning o‘tgan 2022 yilning sentyabr oyida birinchi videomurojaati e’lon qilindi. Fuqaro Nasiba Xolbutayevaning "Qahramon" mahallasida yer uchastkasi mavjud bo‘lib, u yerda zamonaviy uy-joy qurilgan va ayni vaqtda havas qilgudek ta’mirlangan.
Ushbu uy-joyga N.Xolbutayeva hali yashash uchun ko‘chib kirgani yo‘q. Bundan tashqari oilaning yana ushbu yer uchastkasi boshida 3 xonali yashash sharoiti mavjud uy-joyi ham bor. Shuningdek, fermer xo‘jaligi dalasi boshida dala shiyponi sifatida fodalanuvda bo‘lgan 2 xonali foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan uy "dala shiyfoni" ham N.Xolbutayevaning ixtiyorida.
N.Xolbutayevning dastlabki videomurojaatida yonida yosh bolalarni ko‘rish mumkin. N.Xolbutayevaning farzandlari voyaga yetganligini inobatga olsak, videoda ko‘rinish bergan yosh bolalar esa N.Xolbutayevani nochor va yordamga muhtoj ayol sifatida tomoshabinda fikr uyg‘otishi uchun bloger tomonidan uylab topilgan ko‘zbuyamachilikdan boshqa narsa emas.
Birgina o‘ziga tegishli fermer xo‘jaligining 30 gektarida 25 boshdan ziyod yirik, 10 bosh atrofida mayda shoxli chorvalarini boqib kelishining o‘zi “kahramonimiz”ning moddiy axvolidan dalolat berib turibdi. Bir so‘z bilan aytganda fuqaro N.Xolbutayevaning sharoiti boshqalar xavas qilgudek desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, Nasiba Xolbutayeva rahbarlik qilib kelayotgan 67,2 gektar yer madoniga ega “Bo‘ronjo‘z ilg‘ori” fermer xo‘jaligi 2020 yilning 19 mart sanasida tashkil etilgan va xo‘jalikning foydalanuvida 50 gektari suvli, 12 gektar lalimi hamda 2,5 gektar uzumzor va zovur-yo‘l osti yerlari mavjud.
Biroq, “bechora fermer” faoliyatini boshlagandan buyon hali biror marta belgilangan shartnomaviy rejalarni bajarmagan, aniqrog‘i mehnat qilmagan, intilmagan, hoxlamagan.
Xususan, 2021 yilda 5 gektar yer maydoniga ekilgan paxtadan 6,4 tonna (rejaning 50,8 foizi), g‘allani 85.7 foizga bajara oldi xolos. Huddi shunday, 2022 yilda ham fermer xo‘jaligi ishlari o‘ziga yarasha olib borildi, paxtadan 94, g‘alla 90 foizga shartnomaviy reja bajarildi.
Kamiga yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanish uning odat tusiga kirib keldi, har yili takrorlanaverdi. Achinarlisi, fermer xo‘jaligida mavsumiy ishlarga jalb etilgan ishchilarning ham ish haqlarini bermasdan, ularni turli vajlar bilan aldab, mehnatidan foydalanib keldi.
Bugun yurtimizda yerni haqiqiy egasiga – xalqqa berishdek samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida qanchadan-qancha oilalar ish bilan, daromad bilan ta’minlanmoqda.
Afsuski, Nasiba Xolbutayeva o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri fodalana olmadi. Yer bilan tillasha olmay, “yolg‘on haqiqat”ni ijtimoiy tarmoqlardan qidirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudining 29.11.2022 yildagi hukmi bilan Nasiba Xolbutayeva O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 140-moddasi 3-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
E’tibor qaratgan bo‘lsangiz, videorolikda nafaqat tumanning barcha idoralari, balki boshqa hududdagi tashkilotlar ham Nasiba Xolbutayevaga qarshi va adolatsiz ekanligi, uning yakka o‘zi haq va to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatishga o‘rinilgan. Eng muhimi, N.Xolbutayeva ijtimoiy tarmoq faoli blogerning keng jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratadigan ma’ruzasini videomurojaat davomida kiprik qoqmay o‘qib berganligini ko‘rish mumkin..
Nachora, N.Xolbutayeva erkin va demokratik, huquqiy davlatning fuqarosi sifatida harakatlaridan norozi mansabdorlarni sudga berishi yoki yuqori idoralarga shikoyat qilishi mumkinligini anglamasa kerak.
Nasiba Xolbutayevaning 2023 yil 24 yanvarda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan navbatdagi videomurojaatida sud hukmidan norozi ekanligini ko‘rish mumkin. Agarda fuqaro sud hujjatlari ustidan norozi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining "Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apelliyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, yuqori turuvchi sud organiga apellyasiya tartibida shikoyat berish mumkinku. Lekin, Nasiba Xolbutayeva bu ishni qilish o‘rniga ijtimoiy tarmoqlardan najot izlab qo‘ya qoldi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bugun fermer-dehqonlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmasdan turli bahonalarni vaj qilib ijtimoiy tarmoqlardan najot izlayotgan insonlar harakatini qanday baholash mumkin.
So‘z yakunida adolatli savol tug‘iladi, bizku N.Xolbutayevaning shaxsi, insoniy fazilatlari, bilim saviyasini yaxshi bilamiz, lekin jamiyatning ko‘zi, adolat ko‘zgo‘si, haqiqat tarozisi bo‘lgan bloger “opamiz”ga hayronman. Shuncha “dard” chekayotgan ayolga buncha tazyiq o‘tkazilayotgan ekan, nahot Chiroqchi tumaniga tashrif buyurgan bo‘lsalaru, ushbu vajlarning to‘g‘ri yoki yo‘qligini tuman hokimligi, sektor rahbari, tegishli idora va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, qolaversa jamoatchilik fikri, dalillari bilan qiziqmadi. Bu tajribasizlikmi yoki manfaatdorlik???