Chiroqchida 14 - yanvar "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" shiori ostida yurish marafoni o‘tkazildi.
Ushbu ommaviy tadbirda aholining barcha qatlami, nuroniylar hamda yoshlar birdek ishtirok etishdi. E’tiborli jihati mazkur tadbirda tuman hokimi Fayzulla Yusupov boshchiligida sektor rahbarlari va 1500 nafarga yaqin tuman aholisi ishtirok etdi.
Chiroqchida "Vatan himoyachilari kuni" keng nishonlandi. Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yillik bayrami munosabati bilan tuman Madaniyat markazida tantanali bayram tadbiri va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Unga Qurolli Kuchlar safida xizmat qilib, Vatan himoyasidek sharafli ishda safdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan fidoiy xodimlar, harbiylar, ularning oila a’zolari hamda faxriylar taklif etildi.
Tadbirda tuman hokimi Fayzulla Yusupov o'zining Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng bayram tantanalari san’atkorlarning vatanni madh etuvchi, mardlik va jasurlikni ulug‘lovchi konsert dasturi bilan davom etdi. Tadbirda sektor rahbarlari hamda tuman faollari ham ishtirok etishdi.
Bayram tadbirida ayniqsa, ko‘plab yoshlarning ishtirok etgani ularning harbiy sohaga qiziqishi ortayotganidan, demakki, armiya xizmati, harbiy kasb, mard yigitlarimiz hayotining muhim bir bosqichiga aylanib borayotganidan dalolatdir.
Shundan so‘ng, bayram tadbirlari "Bog‘ishamol" oromgohiga ko‘chdi. Tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozilib, bir piyola choy ustida dildan suhbat qurildi.