O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, mana shunday ezgu tashabbus va bunyodkorlik tufayli respublika bo‘ylab yuzlab turar joylar qad rostlamoqda. Odamlarning yillar davomida ushalmagan orzulari ro‘yobga chiqmoqda.
Chiroqchi tumanida ham ushbu ezgu tashabbuslarning davomi sifatida to‘rtta uch va bitta besh qavatli 110 xonadonni o‘z bag‘riga sig‘dira olgan ko‘rkam, zamonaviy va har tomonlama qulay turar joylar majmuasi bugun foydalanishga topshirildi.
Marosimda so‘z olgan tuman hokimi Fayzulla Yusupov, viloyatimizda maydoni bo‘yicha kichik, aholi zichligi bo‘yicha peshqadam bo‘layotgan tumanda aynan ko‘p qavatli turar joylar fuqarolarning uylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishini ta’kidladi va yangi xonadonlarda uy to‘ylarini nishonlayotgan yurtdoshlarimizni tabrikladi.
Ramziy tasma qirqilgach, tuman hokimi boshchiligida sektor rahbarlari hamda nuroniylar yangi xonadonga ko‘chib chiqqan tumandoshlarimizning xonadonlarida mehmon bo‘lib, ularning quvonchiga sherik bo‘lishdi.
Ramziy tasma qirqilgach, tuman hokimi boshchiligida sektor rahbarlari hamda nuroniylar yangi xonadonga ko‘chib chiqqan tumandoshlarimizning xonadonlarida mehmon bo‘lib, ularning quvonchiga sherik bo‘lishdi.
“Sarbon shaharchasi” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 18 mlrd mablag‘ evaziga 1 gektar yer maydonida bunyod etilgan mazkur turar joylarda tumandoshlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinganini aytib o‘tish joiz. Bolalar maydonchasi, keng va yorug‘ xonalar, issiqlik tizimi, xullas, barcha-barchasi talab darajasida.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu marosim haqiqiy tantanaga aylanib ketdi. Yurtimizga shunday bayramlar, uy to‘ylari yarashadi, albatta. Tuman rahbarlari bilan uchrashuv davomida yangi uy sohib va sohibalari bunday imkoniyat, imtiyoz, e’tiboru e’tirofdan mamnun bo‘lgan holda qo‘llarini duoga ochib, avvalambor Prezidentimizga, viloyat va tuman rahbarlariga o‘z minnatdorligini bildirgan holda, bu kabi xayrli ishlari yanada bardavom bo‘lishini tiladilar.
Loyihaviy qiymati 18 milliard so‘mni tashkil etgan va tumanimiz ko‘rkiga ko‘rk, husniga husn qo‘shgan turar joylarni qurish ishlari davom etmoqda. Albatta, bu xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashash, turmush tarzi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.