Mamlakatimizda tibbiyot sohasida xususiy sektor rivojiga qaratilayotgan e’tibor tufayli joylarda zamonaviy klinikalar qad rostlab, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada yuksalayotgani hech kimga sir emas.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida nodavlat davolash muassasalari birgalikda xususiy shifoxonalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa Respublika markazidan olis tumanlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning ham zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini bermoqda.
Xususan, bugun Navoiy mahallasida ko‘p tarmoqli "Imona medikal" xususiy davolash kilinikasi ish faoliyatini boshlagani ham davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan biridir.
Ochilish marosimida tuman hokimi Fayzulla Yusupov boshchiligida sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ramziy bog‘ich qirqilib, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada yaxshilashga tumanda ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
Markaz zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan va malakali shifokorlar jalb qilingan bo‘lib, asosiy maqsad kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarning sog‘ligini saqlab qolish va ularga qulaylik va shinamlik yaratishdir. Ushbu maskan tuman aholisi uchun yana bir Yangi yil sovg‘a bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Sababi, 2024 yilning birgina yanvar oyining o‘zida ikkinchi tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi.
Besh qavatli, ko‘p tarmoqli mazkur xususiy kilinika, tadbirkor Abdug‘ani Turdiyevning sa’y-harakatlari bilan 7 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyod etildi. Klinikada Xitoy, Rossiya, Koreya davlatlarida ishlab chiqarilgan eng so‘ngi rusmdagi 26 turdagi tibbiy apparatura va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Muassasada 12 dan ziyod oliy toifali shifokorlar hamda 26 nafar hamshiralar sifatli tibbiy xizmat ko‘ratishadi.
- 50 o‘rinli kilinikamizga salomatligini tiklash uchun kelgan bemorlarga bir qator qulayliklar yaratilgan. Xususan, azonterapiya, maxsus sport zal, (traksionn krovat), (fitobochka), (gidrovanna), barcha qulayliklarni o‘zida mujassam etgan shinam xona va 50 turdagi taomlar menyusi shakllantirilgan, - deydi tadbirkor Abdug‘ani Turdiyev.
Xususiy klinikasining ishga tushirilishi hisobiga 35 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgichni 6 oy ichida 60 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Ezgu va xayrli tashabbuslar davomida saxovatpesha tadbirkor Abdug‘ani Turdiyev hamda tuman hokimligi ko‘magida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 14 nafar farzandlari uchun sunnat to‘y qilib berildi.